MUDDATLI HARBIY XIZMATGA CHAQIRILUVCHILARNI SARALASH DAVOM ETMOQDA

Туман янгиликлари

Mamlakatimizda mudofaa salohiyatini yuksaltirish maqsadida sohada islohotlar izchil amalga oshirilmoqda. Xususan 2021 yil 30 sentyabrda imzolangan “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida”gi Qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi Qonunga muvofiq harbiy xizmatga chaqiriluvchilarni harbiy xizmatga tanlab olish jarayonlari ham o‘zgardi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 6 martdagi qaroriga muvofiq muddatli harbiy xizmatchi chaqirilayotgan fuqarolarni harbiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish uchun tuman, shahar mudofaa ishlari bo‘limidagi hududiy tibbiy komissiyalar va Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar mudofaa ishlari boshqarmalari huzurida harbiy tibbiy komissiyalar tashkil etildi.

Hududiy tibbiy komissiyalar tomonidan sog‘lig‘i darajasi bo‘yicha harbiy xizmatga yaroqli deb topilgan chaqiriluvchilar butlash komissiyasida suhbatdan o‘tkazilib, sog‘lig‘ining darajasi, jismoniy tayyorgarligi, fikrlash qobiliyati va boshqa xususiyatlarini inobatga olgan holda ularni qo‘shin turlariga tayinlash bo‘yicha qaror qabul qilinmoqda.

Amudaryo tuman Mudofaa ishlari bo‘limi xizmatchilari tumanimizning 18 yoshdan 27 yoshgacha bo‘lgan chaqiriluvchilarni navbatdagi 2023 yilgi chaqiruvga tayyorlash bo‘yicha tizimli o‘rganish ishlarini amalga oshirayotir. O‘rganish ishlari 2022 yilning 10 avgustidan boshlandi va 2023 yilning 10 fevraligacha davom etadi.

Shu kungacha muddatli harbiy xizmatga 100 nafar chaqiriluvchi rejim komandalariga tayinlandi.

Ayni kunda ham harbiy xizmatga chaqiriluvchilarni harbiy xizmatga tanlov asosida qabul qilish uchun sinovlar davom etmoqda. Davlatimiz Qurolli Kuchlari safini jismonan baquvvat, bilim darajasi yuqori, o‘z yurtining tinchlik-osoyishtaligiga o‘zini daxldor deb hisoblaydigan, ma’naviyatli o‘g‘lonlar bilan butlash maqsadida o‘tkazilayotgan tanlovlar uchta bosqichni tashkil etadi.

Harbiy xizmatga chaqiriluvchilar ya’ni 1996-2005 yilda tug‘ilgan yigitlar dastlab umumjismoniy tayyorgarlik darajasi bo‘yicha sinovdan o‘tadilar. Bunda ular 100 metr, 300 metr masofaga yuugurish, turnikda tortilish mashqlarini bajaradilar. Ikkinchi bosqichda chaqiriluvchilar bilan yakka suhbat o‘tkazish orqali bilim darajasi, oilaviy ahvoli o‘rganiladi. Ushbu sinovlarda muddatli harbiy xizmatni o‘tashga loyiq deb topilgan chaqiriluvchilar komandalarni butlash komissiyasiga tavsiya qilinadi. Butlash komissiyasi ularning qiziqishlari, intilishlari va salohiyatini hisobga olgan holda yakuniy qaror qabul qiladi.

Tuman mudofaa bo‘limi xodimlari o‘sib kelayotgan yosh avlodning Qurolli kuchlar saflarida xizmat qilishga munosib bo‘lib voyaga yetishlariga hissa qo‘shish maqsadida tumanimizdagi umumiy o‘rta ta’lim maktablarida vatanparvarlik mavzusida ko‘pgina tadbirlar o‘tkazmoqda va ularning harbiy sohaga qiziqishlarini oshirishga erishmoqda.

Harbiy xizmat – har bir yigitning sharafli burchidir. O‘z Vatanini sevgan yigitlar uning osoyishtaligini asrashga doimo shay bo‘ladi.

Qahramon AHMЕDOV, tuman Mudofaa ishlari bo‘limi chaqiruv bo‘linmasi boshlig‘i.