TIL – MILLAT TIMSOLI

Туман янгиликлари

O‘zbek tili turkiy tillar oilasiga mansub bo‘lib, hozirgi kunda Yer yuzi aholisining qariyib 50 million aholisi uchun asosiy muloqot vositasidir. Til-millatning borligi, millat birligi va butunligining timsolidir. Har qanday xalqning tarixi ham, dunyoda o‘zining kimligini anglash, jamiyatning kelajagini ko‘rish idroki ham shu timsolga ko‘ra mavjuddir. Bu timsol barcha kishilarimizning bir yurt fuqarolari sifatida birlashuviga xizmat qilmoqda. Bu holat tabiiyki, o‘zbek tili rivojining jadallashuviga, imkoniyatlarining yanada kengayishiga ham ko‘mak bermoqda.

Milliy ma’naviyatimizning ajralmas qismi bo‘lgan ona tilimizga 1989 yil 21 oktabr kuni davlat tili maqomi berilgan. Shu kundan e’tiboran har yili bu sana bayram sifatida yurtimizning turli go‘shalarida ko‘tarinki ruhda nishonlanib kelmoqda.

O‘zbek tili mustaqil davlatimizning bayrog‘i, gerbi, madhiyasi, Konstitutsiyasi qatorida turadigan, qonun yo‘li bilan himoya qilinadigan timsollaridan biriga aylandi. O‘zbek tiliga davlat tili maqomining berilishi bu tilning nufuzini oshiribgina qolmay, yurtimizning turli millatga mansub fuqarolari o‘zbek tilini davlatimizning muqaddas timsoli sifatida o‘rganmoqdalar, bu tilda gaplashmoqdalar, unga yuksak ehtirom ko‘rsatmoqdalar.

Ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi sifatida shuni alohida e’tirof etishim kerakki, maktabda o‘quvchilarda nutq madaniyatini rivojlantirish o‘zbek tili ta’limining asosiy vazifalaridan biri sanaladi. Ta’lim jarayonida o‘quvchilarga nutqda milliy tilning o‘ziga xosligi, ma’no jihatidan aniqligiga, so‘zlarni qo‘llashga e’tibor berishi kerakligi doim tushuntirib boriladi. Shu bilan birga adabiy tilning orfoepik me’yorlari, yozma shakli, ya’ni orfografiya, uslub va shu kabi me’yorlar haqida ko‘nikmalar hosil qilinadi. Nutq madaniyati adabiy til me’yorlari asosida o‘quvchilarning aqliy va amaliy tushunchalarini kengaytirish natijasida shakllanadi.

Ulug‘ bobomiz Alisher Navoiy “Mahbub-ul-qulub” asarida ta’kidlaganidek, “Til... nutqning qurolidir. Agar nutq noma’qul bo‘lib chiqsa, tilning ofatidir”. Millatimiz qadr-qimmatining bosh ustuni bo‘lmish tilimiz hurmatini joyiga qo‘yishday sharafli ishda hamisha faol bo‘lish, uni sofligicha asrab-avaylash har birimiz uchun ham farz, ham qarzdir.

Anora Qozoqova, 65-sonli maktabning ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi.