TUMAN HOKIMI MAKTAB DIRЕKTORLARI BILAN UCHRASHIB, TA’LIM SIFATINI OSHIRISH MASALASINI MUHOKAMA QILDI

Туман янгиликлари

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2022-2026 yillarda xalq ta’limini rivojlantirish bo‘yicha milliy dasturni tasdiqlash to‘g‘risida”gi Farmonida maktab o‘quvchilarining bilimi va ko‘nikmalarini shakllantirish, ularni milliy hamda umuminsoniy qadriyatlarga sodiqlik ruhida tarbiyalash, o‘qituvchi kasbi nufuzini va pedagoglarning sifat tarkibini oshirish borasidagi vazifalar belgilab berilgan.

Ushbu vazifalarni amalga oshirish mexanizmlari Prezidentning “Xalq ta’limini rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qarorida o‘z aksini topgan. Endilikda qarorga asosan umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish va bu borada maktab direktori, ota-onalar va mahalla raislari ma’suliyatini kuchaytirish maqsadida respublikamizning barcha tuman, shaharlari kesimida reytingi shakllantiriladi. Bunda umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida olib borilayotgan ma’naviy-ma’rifiy ishlar holati har yili o‘quv yili yakunida Xalq ta’limi vazirligi tomonidan tasdiqlangan mezonlar bo‘yicha baholanadi. Muassasalar reyting ko‘rsatkichlariga ko‘ra “Yashil”, “Sariq” va “Qizil” toifalarga ajratiladi.

Qarorda shuningdek tuman, shahar hokimliklariga ta’lim sifatini oshirish, o‘quvchilar bilim olishlari uchun qulay sharoitlarni yaratish, o‘zini o‘zi boshqarish organlari bilan birgalikda intiluvchan, namunali o‘quvchilarni rag‘batlantirib borish vazifasi ham yuklangan.

Mazkur vazifalarning ijrosini ta’minlash maqsadida 13 dekabr kuni Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash bo‘limi majlislar xonasida tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashev tuman Xalq ta’lim bo‘limi xodimlari, tumandagi maktablar direktorlari bilan yig‘ilish o‘tkazdi.

Yig‘ilishda tuman hududidagi umumiy o‘rta ta’lim maktablarida ta’lim-tarbiya ishlarining borishi, ta’lim sifatini yanada oshirish borasida tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashev o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.

Ta’kidlanganidek, jamiyat taraqqiyoti, milliy farovonlik hamisha yosh avlodning ta’lim-tarbiyasi bilan bog‘liq bo‘lib kelgan. Keksa avlod erishgan yutuqlarga, ular to‘plagan tajribalarga tayangan holda yoshlarni ta’limga doir eng ilg‘or zamonaviy usullarda o‘qitish, Yangi O‘zbekistonning yuksak ma’naviyatli, mustaqil fikrlashga qodir, mamlakatimiz, millatimiz tarixini yaxshi biladigan, bugungiday tinch-osoyishta, baxtiyor kunlarni qadrlaydigan va uni asray oladigan qilib kamol toptirish muhim vazifadir.

Bu borada tumanimizda o‘quvchilari fan, san’at, adabiyot, sport sohasida o‘z iqtidorlarini namoyon etayotgan maktablar tilga olindi. Shuningdek, maktablarda o‘qituvchilarning kasbiy mahoratini oshirish, o‘quvchilarga o‘z fanini chuqur o‘rgatishda muayyan yutuqlarga erishayotgan ustoz-muallimlarni rag‘batlantirib borish, qo‘llab-quvvatlash borasida ham fikr almashildi.

Ta’lim va tarbiya uyg‘unligi – taraqqiyotga erishish kafolatidir. Sohaga qaratilayotgan e’tibor, ajratilayotgan mablag‘lar, yaratilayotgan sharoitlardan ko‘zlangan maqsad ham barkamol avlodni kamolga yetkazishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Yig‘ilishda Xalq ta’limi bo‘limi mas’ullari va maktablar direktorlari ta’lim maskanlarida sifat va samaradorlikni oshirish bo‘yicha rejalarini bayon qildilar.

Oygul RAJABOVA.