Qipchoq ovul fuqarolar yig‘inida tuman hokimi hudud yoshlari bilan uchrashdi

Туман янгиликлари

Yoshlar - kelajagimiz. Ular ertamiz egalaridir. Bugun yosh avlod kamoloti yo‘lida tashlangan har bir qadam farzandlarimizning porloq istiqboli va jonajon O‘zbekistonimizning nurli ertasi yo‘lida qo‘yilgan odimlar hisoblanadi. Shu o‘rinda e’tirof etish joizki, Amudaryo tumanida ham yoshlar kamoloti yo‘lida ko‘pgina samarali ishlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, bunda tumanning eng chekka hududlarida istiqomat qiluvchi yoshlarning muammolarini o‘rganish va ijobiy hal qilishga alohida e’tibor berilmoqda.

Qipchoq ovul fuqarolar yig‘inida tuman hokimi va Qipchoq shaharcha fuqarolar yig‘ini yoshlari bilan tashkil etilgan navbatdagi uchrashuvda ham yoshlar tomonidan bildirilgan muammo va takliflar muhokama qilinib, kelgusidagi muhim vazifalar belgilab olindi.

Uchrashuvda tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashev yoshlarning bandligini ta’minlash, kasbga o‘qitish, tadbirkorlik g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarga to‘xtalib o‘tdi. Undan tashqari, ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlarga ko‘rsatilayotgan yordamlar haqida ham batafsil ma’lumot berdi.

Shuningdek, har bir mahallada faoliyat yuritayotgan yoshlar yetakchilari yoshlarning iste’dodlarini yuzaga chiqarishda, muammolarini hal etishda tizimli ravishda ishlar tashkil etayotgani, bu orqali esa yoshlar tomonidan kelib tushayotgan murojaatlar sezilarli darajada kamayganini aytib o‘tdi.

Tuman hokimi o‘z nutqida yakunlanayotgan yil yoshlar uchun yangidan yangi imkoniyatlar eshigini ochganligini, mazkur yilda har bir fuqaroning murojaatlari imkon qadar ijobiy hal qilinganini aytib, 2023 yilda yoshlar bandligini ta’minlashga doir rejalar xususida aytib o‘tdi.

Shundan so‘ng, hududning faol yoshlari 2022 yilda erishgan muvaffaqiyatlari va 2023 yilda o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlarini yig‘ilganlar bilan o‘rtoqlashdilar.

Hokim va yoshlar uchrashuvida yoshlardan 2 nafari payvandlash uskunasini subsidiya asosida olishda amaliy yordam so‘radi. Murojaatlar yuzasidan Yoshlar ishlari agentligi tuman bo‘limi mas’ullariga topshiriqlar berilib, ijrosi nazoratga olindi. Uchrashuvda yoshlar hayotida uchrayotgan maishiy muammolar ham tinglanib, ular ham o‘zining ijobiy yechimini topdi.

Mamlakatizda yosh avlodga qaratilayotgan alohida e’tibor va g‘amxo‘rlik o‘zining ijobiy natijasini berib kelmoqda. Jumladan, yoshlarni sport, ta’lim, axborot texnologiyalari kabi sohalarga keng jalb qilish maqsadida o‘tkazilib kelinayotgan “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida iste’dodli va qobiliyatli, bilimli yoshlar kashf etilmoqda.

Amudaryo tumanida ham olimpiadaning 2-mavsumida bir guruh yoshlarimiz oltin, kumush medallarni qo‘lga kiritishdi. Yoshlarimizning erishayotgan bu kabi muvaffaqiyatlari yoshlar uchun yaratilgan imkoniyat va sharoitlarning yorqin namunasidir.

Tuman hokimligining Axborot xizmati.