AMUDARYODA UCH AVLOD VAKILLARI UCHRASHISHDI

Туман янгиликлари

Yurtimizda keksalarni e’zozlash, ertamiz egalarini barkamol insonlar qilib voyaga yetkazish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Shunga ko‘ra o‘tmish, ayni kun va kelajakni o‘zida mujassam etgan “Uch avlod uchrashuvi” kabi ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni tashkil etish el-yurtimiz hayotidagi go‘zal an’analardan biriga aylandi. Amudaryo tumanida ham barcha ovul va mahallalarda yoshi ulug‘ insonlar, bugungi kunda jamiyat hayotida faol bo‘lgan fidoyilar va yosh avlod vakillari ishtirokida uchrashuvlar bo‘lib o‘tmoqda.

16 dekabr kuni Prezidentimizning shu yil 19 yanvardagi “Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hamda 15 martdagi “Nuroniylarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning turmush darajasini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qarorlariga ko‘ra “Uch avlod uchrashuvi” deb nomlangan katta ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.

Tadbirda tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashev, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vaziri o‘rinbosari, Nuroniylar jamg‘armasi raisi Tursunboy Abdujabborov, sektorlar rahbarlari, tuman hokimi o‘rinbosarlari, idora-tashkilotlar rahbarlari, Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash bo‘limi xodimlari, 90 nafarga yaqin nuroniylar, 80 nafardan ortiq o‘rta yosh avlod vakillari hamda 70 nafardan ortiq yoshlar ishtirok etishdi.

Tadbir Olmazor mahallasi hududida joylashgan tuman tarixiy-o‘lkashunoslik muzeyidan boshlandi. Uch avlod vakillari muzeyda yurtimiz tarixiga oid turli eksponatlar bilan tanishdilar. Mehmonlar qadim va yaqin o‘tmish davrlar tarixidan hikoya qiluvchi turli uy-ro‘zg‘or buyumlari, shu yerlik aholiga xos bo‘lgan milliy kiyimlar va boshqa eksponatlarni tomosha qilib, ajdodlarimizning turmush tarzi, hayoti haqidagi qiziqarli ma’lumotlar, hikoyalarni tingladilar. Shuningdek, shu yurt ozodligi uchun kurashgan, hayotini, jonini fido qilgan mard va jasur ota-bobolarimizning xotirasi, qahramonliklarini yodga oldilar.

Tuman Madaniyat markazi binosida “Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz!” shiori ostida davom etgan tadbirda keksalar, o‘rta yosh avlod vakillari va yoshlar tumanimiz hunarmandlarining qo‘l mehnati namunalari, tadbirkorlarning mahsulotlaridan tashkil etilgan ko‘rgazmani tomosha qildilar. Shundan so‘ng, markazning konsertlar zalida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.

Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vaziri o‘rinbosari, Nuroniylar jamg‘armasi raisi Tursunboy Abdujabborov, tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashev, tuman Nuroniylar jamoatchilik Kengashi raisi o‘rinbosari Bekman Allamberganov, yosh ijodkor Barno Samandarovalar so‘zga chiqib, so‘nggi yillarda xalqimizning turmush farovonligini yanada yaxshilash yo‘lida amalga oshirilayotgan tizimli islohotlar va ularning ahamiyatiga to‘xtalishdi. Shuningdek, keksalik gashtini surish barobarida el-yurt ravnaqi yo‘lida mehnat qilib kelayotgan nuroniylarga alohida minnatdorchilik bildirdi va yutuqlarga erishib kelayotgan faol yoshlarning kelgusi ishlarida zafarlar tilab, har birini yurt kelajagiga munosib insonlar bo‘lib voyaga yetishga da’vat etishdi.

Tadbirda ishtirok etgan nuroniylar va yoshlarga tuman hokimligi hamda Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash bo‘limi tomonidan esdalik sovg‘alari topshirildi.

Shundan so‘ng uch avlod vakillari “Xon” restoranida ochiq dasturxon atrofida bir piyola choy ustida suhbatni davom ettirdilar.

Tadbir davomida so‘zga chiqqan yoshi ulug‘ otaxon va onaxonlar mashaqqatlarga to‘la hayot yo‘li va mehnat faoliyati, yoshlik davridagi o‘ziga xos qiyinchiliklar, mehnat pallasidagi mashaqqatlar hamda nuroniylik paytida ularga ko‘rsatilayotgan hurmat-ehtirom haqida o‘z dil so‘zlarini, samimiy fikrlarini bildirdi.

El-yurt ravnaqi yo‘lida mamlakatimiz rahbariga yaqin ko‘makchi, kamarbasta bo‘lish lozimligi uch avlodga mansub yurtdoshlarimiz o‘rtasida kechgan samimiy suhbatlar bosh mavzusiga aylandi. Undan tashqari, nuroniylar xalqimiz hayoti va turmush tarzini butunlay o‘zgartirib yuborgan ko‘plab ezgu ishlar haqida gapirib, kelajakni barpo etishda yoshlarning o‘rni qanday bo‘lishi kerakligi haqida o‘zlarining qimmatli maslahatlarini berishdi. Yoshlar ham yurtimizda ularga yaratib berilayotgan imkoniyatlar, ulardan unumli foydalanayotganliklari va yutuqlarga erishayotganliklari haqida gapirdilar.

Suhbat davomida nuroniylarimizning boy tajribasi, o‘rta avlod vakillarining mehnati, yosh avlodning shijoati birgalikda katta kuch bo‘lishi, uch avlodning mamlakatimiz taraqqiyotidagi o‘rnini alohida e’tirof etildi.

Tadbir davomida tumanda uzoq yillar davomida yurt ravnaqi, yosh avlod ta’lim-tarbiyasi yo‘lida fidokorona mehnat qilgan keksa avlod vakillariga esdalik sovg‘alari topshirildi.

O.Xudoyberganova