TO‘LQIN OVULIDA 11 MILLIARD SO‘MLIKDAN ZIYOD OBODONLASHTIRISH, QURILISH ISHLARI BAJARILDI

Туман янгиликлари

Yurtimizda “Obod qishloq”, “Obod mahalla” dasturlarini amalga oshirish orqali hududlarning yo‘l-transport infratuzilmasini, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari hamda ijtimoiy soha obyektlarini rivojlantirish va shu asosda aholi farovonligini hamda turmush darajasini yuksaltirish ko‘zda tutilgan.

2022 yil “Obod qishloq” dasturiga kiritilgan tumanimizning To‘lqin ovulida dastur doirasida amalga oshirilgan ishlar ovul aholisining hayotiga chinakam obodlik baxsh etdi, ertagi kunga ishonchini mustahkamladi, davlat boshqaruviga hurmat hissini yuksaltirdi.

Dastur doirasida shu kungacha 24-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti binosini mukammal ta’mirlash, 11 kilometrlik ichki yo‘llarni ta’mirlash, shu jumladan Buyuk kelajak ko‘chasining 0,6 kilometr qismiga beton qoplama yotqizish, 21 ta ichki ko‘chalarining jami 11 kilometr qismini joriy ta’mirlash, shuningdek, zahira mablag‘lari hisobidan Turon, Ma’rifatchilar, Quvonch ko‘chalarining 1,77 kilometr qismini joriy ta’mirlash ishlari amalga oshirilmoqda.

Ovul hududida tabiiy gaz ta’minotini yaxshilash maqsadida 4,4 kilometrlik gaz tarmog‘i va 19 ta gaz taqsimlash punktlarini ta’mirlash, 4 ta ichimlik suvi inshootini qurish ishlari to‘liq yakunlandi. 2 kilometrlik piyodalar yo‘lakchasini qurish ishlari yakuniga yetay deb turibdi. Elektr ta’minotini yaxshilash maqsadida 3,3 kilometrlik liniya tortish va 3 ta transformator o‘rnatish, 115 ta elektr tayanch ustunlarini o‘rnatish ishlari to‘liq yakunlanib, hozirgi kunda tuman elektr tarmoqlari korxonasi tomonidan elektr liniyalarini tarmoqqa ulash ishlari amalga oshirilmoqda. Shuningdek 80 dona tungi yoritgichlar o‘rnatildi, 4 kilometrlik aloqa tarmog‘i tortildi, 4 ta chiqindi konteynerlari o‘rnatildi, 160 ta turar joylarning fasad qismi ta’mirlandi.

Bir yil ichida amalga oshirilgan buningdek o‘zgarishlar, bunyodkorliklar To‘lqin ovuliga chinakam obodlik, ko‘rkamlik, o‘zgacha fayz baxsh etdi. Hudud aholisi buningdek e’tibor, yangilanishlarga munosib mehnat qilishga, turmush kechirishga intilmoqda.

 Ovul fuqarolar yig‘ini oqsoqoli Rashid Abdugaliyev, hokim yordamchisi Ruslan Sag‘inboyev, yoshlar yetakchisi Fozilbek Qurbonboyev, xotin-qizlar faoli Gavhar Bobotoyevalar o‘zgalar parvarishga muhtoj nuroniy keksalar, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar holidan xabar olib, qo‘llab-quvvatlamoqda.

Yil boshida 142 nafar ayol “Ayollar daftari”ga kiritilgan edi. Shularning 79 nafari ishlash istagidagi ayollar edi. Gulora Bobojonova yig‘in binosining bo‘sh turgan xonalarida tikuvchilik sexi tashkil etdi va o‘zi kabi 6 nafar ayolning bandligini ta’minladi, 20 nafar ayol-qizlarni tikuvchilik kasbiga o‘qitib, hunarli qildi. 7 ta kam ta’minlangan oila kredit hisobiga tadbirkorlik faoliyatini boshladi, 3 ta ijtimoiy himoyaga muhtoj oilaning turar joyi ta’mirlab berildi. Yig‘in binosi yonida qad rostlagan bolalar o‘yingohi o‘quvchi-yoshlarning sport bilan shug‘ullanib, bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishlariga yordam bermoqda.

Ovulning 42 nafar yoshlari respublikamizning turli oliy ta’lim muassasalarida ta’lim olishmoqda. Joriy yilda kam ta’minlangan oilalarning, kontrakt shartnoma asosida o‘qiyotgan 6 nafar yoshlarining kontrakt pullari to‘lab berildi.

Ovulda tadbirkorlik, dehqonchilik, chorvachilik bilan shug‘ullanib, o‘z oilasi farovonligini ta’minlab, yangi ish o‘rinlari yaratayotgan, ovuldoshlarining ham hayoti to‘kin bo‘lishiga hissa qo‘shayotganlar ko‘p.

15 dekabr kuni ovul aholisi hayotida yana bir quvonchli voqea bo‘ldi: Investitsiya dasturi asosida qayta qurilgan 39-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotining zamonaviy, ko‘rkam barcha sharoitlarga ega muhtasham binosi foydalanishga topshirildi.

Obodlik ko‘ngildan boshlanadi. Joriy yilda to‘lqinliklarning ko‘ngillari ham, ovuli ham obod bo‘ldi.

Oygul RAJABOVA