Hokim va yoshlar uchrashuvida yoshlarning qiziqishlari, takliflari, muammolari o‘rganildi

Туман янгиликлари

Zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega, mamlakatning munosib kelajagi uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga ola biladigan barkamol, maqsadga intiluvchan va serg‘ayrat yoshlarni tarbiyalash mamlakatni barqaror va ildam rivojlantirishning eng muhim shartidir.

So‘nggi yillarda yoshlarning intellektual va ijodiy salohiyatini namoyon qilish, ularning fuqarolik javobgarligini va olib borilayotgan islohotlarga daxldorligini oshirish borasida ulkan ishlar amalga oshirildi.

Shu bilan birga, joylarda yoshlarning ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini xal qilishga, yosh tadbirkorlarning istiqbolli g‘oyalari va loyihalarini ro‘yobga chiqarishga, shuningdek, shu asosda yoshlar bandligini ta’minlashga ham alohida ahamiyat berilib bu sa’y-harakatlar o‘zining ijobiy natijasini ko‘rsatmoqda.

Hududlarda yoshlar hayotida uchrayotgan muammolarni tizimli hal qilish maqsadida muntazam ravishda o‘tkazilib kelinayotgan “Hokim va yoshlar uchrashuvi” ham ana shu maqsadlarga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

22 dekabr kuni Qipchoq ovul fuqarolar yig‘ini binosida tuman hokimining yoshlar bilan navbatdagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashev, tuman Xalq qabulxonasi mudiri Erkin Rajabov, Yoshlar ishlari agentligi tuman bo‘limi boshlig‘i Sardor Ismailov hamada ovulning 30 ga yaqin faol yoshlari ishtirok etishdi.

Tuman hokimi yoshlarga murojaat qilib, yakunlanayotgan yilda erishilgan muvaffaqiyatlar hamda 2023 yilda tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga doir istiqbolli rejalar xususida to‘xtalib o‘tdi.

Ta’kidlanganidek, yoshlarning biznes tashabbuslari, START-UPlari, g‘oyalari va loyihalarini ro‘yobga chiqarishga ko‘maklashish va qo‘llab-quvvatlash, band bo‘lmagan yoshlarni mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan mutaxassisliklar va biznes yuritish ko‘nikmalariga o‘qitish, umuman yoshlarning ijtimoiy-iqtisodiy faolligini oshirish borasidagi yangidan yangi rejalar amalga oshiriladi.

Uchrashuv davomida yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savol va takliflar bilan tuman hokimiga murojaat qilishdi.

Yoshlardan 1 nafari safarbarlik chaqiruv rezervi badalini to‘lashda, Oliy ta’lim muassasasida ta’lim olayotgan talaba esa kontrakt to‘lovining 50 foizini to‘lashda amaliy yordam so‘rab murojaat qilgan bo‘lsa, yoshlardan yana bir nafari subsidiya asosida tikuv mashinasi berilishi bo‘yicha amaliy yordam so‘rab murojaat qildi.

Yoshlarning murojaati shu yerning o‘zida ijobiy hal qilindi.

Murojaat egalariga tez orada safarbarlik chaqiruv rezervi badali va kontrakt to‘lovi qoplab berilishi ma’lum qilindi. Bu bo‘yicha Yoshlar ishlari agentligi tuman bo‘limi boshlig‘i Sardor Ismailovga topshiriqlar berilib, ijrosi nazoratga olindi.

Uchrashuv yakunida tuman hokimi 2023 yilning “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili” deb e’lon qilinishi yoshlar hayotida yangidan yangi sahifalar ochishini hamda ta’lim tizimida katta o‘zgarishlar ro‘y berishini aytib, yoshlarni bilim olishga, mehnat qilishga, o‘z ustida muntazam ravishda ishlashga chorladi.

Tuman hokimligining Axborot xizmati