Yangi yil yarmarkasi: arzon va sifatli mahsulotlar xarididan xalq mamnun

Туман янгиликлари

Yurtimizda turli bayramlar oldidan aholiga arzon narxlarda sifatli qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berish an’anaga aylangan. Sababi, bayramlar arafasida iste’mol bozorlarida oziq-ovqat mahsulotlariga talab oshishi tufayli “olibsotarlar” tomonidan narxlarni sun’iy oshirib yuborishi holatlari uchrab turadi.

 Mana shunday holatlarning oldini olish, aholini zarur bo‘lgan birinchi darajali oziq-ovqat mahsulotlari bilan to‘liq ta’minlash, narxlar barqarorligini saqlash maqsadida har yili Respublikamizning barcha tuman, shahar markazlarida oziq-ovqat yarmarkalari tashkil etiladi.

Amudaryo tumanida ham shu yilning 1 dekabr kunidan boshlab “Mang‘it Dehqon bozori” ma’suliyati cheklangan jamiyatida oziq-ovqat yarmarkalari tashkil etildi.

Yarmarkada aholiga qulay xizmat ko‘rsatish uchun barcha sharoitlar yaratilgan.  Jumladan, sotuvchilarning oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotalarini sotishlari uchun tegishli rastalar, sovutgichlar, tarozilar va mahsulotlarni saqlash uchun omborxonalar ajratilib, tashkil etilgan yarmarka savdosiga jalb etilgan tadbirkorlik subyektlari to‘lov terminallari va nazorat kassa mashinalari bilan to‘liq ta’minlangan.

Ahamiyatlisi, oziq-ovqat yarmarkasida fermer va dehqonlarga o‘z mahsulotlarini peshtaxtalarni ijaraga olmagan holda xaridorlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotish imkoniyati berilgan.

Ushbu yarmarkalarda 30 turdagi oziq-ovqat mahsulotlari, jumladan, fermer xo‘jaliklari tomonidan yetkazib berilayotgan qoramol, qo‘y, tovuq go‘shtlari, tuxum va sut mahsulotlari, meva-cheva, poliz va sabzavot, shuningdek, qandolatchilik, korxonalarning boshqa turdagi mahsulotlari istisno tariqasida, ishlab chiqarish baholarida sotilmoqda.

Bozorga kiritilayotgan barcha turdagi oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari sanitariya laboratoriyalari xodimlari tekshiruvdan o‘tkazilib, sotishga ruxsat berilmoqda.

Bozor rastalari va do‘kon peshtaxtalari sarxil ne’matlar bilan to‘ldirilganidan tumanimiz aholisi mamnun bo‘lib, bayramga o‘zgacha tayyorgarlik ko‘rishmoqda.

Tadbirkorlarning fidoyi mehnatlari samarasi bo‘lgan qandolanchilik mahsulotlari, yangi yil dasturxonlari uchun maxsus tayyorlangan turli xil tortlar, Yangi yil archasi bezak-o‘yinchoqlari narxining hamyonbopligi xaridorlarga manzur bo‘lmoqda.

Ushbu yarmarkalar xalqimizga dehqon va sohibkorlarning, tadbirkorlarning haqiqiy bayram tuhfasi bo‘ldi.

Yangi yil bayramini barcha o‘zgacha quvonch bilan qarshi oladi, to‘kin dasturxon atrofida kirib kelayotgan yilning xayrli bo‘lishini tilab duolar qiladi. “Mang‘it dehqon bozori” ma’suliyati cheklangan jamiyati va tegishli nazorat organlari bilan hamkorlikda tashkil etilgan oziq-ovqat mahsulotlari yarmarkasi yurtdoshlarimizning bayram shodligiga shodlik qo‘shishi shabhasiz.

Yarmarka 2023 yilning 5 yanvariga qadar davom etadi.

Tuman hokimligining Axborot xizmati