MAHALLADAGI HOKIM YORDAMCHISI

Туман янгиликлари

Insonning shaxs sifatida shakllanishida, avvalo, ota-onasining jamiyatda tutgan o‘rni, qolaversa, oila muhiti muhim ahamiyatga ega. Shuning uchun ham oilani axloqiy-ma’naviy tarbiya maktabi, ota-onani yetuk tarbiyachi – oilaning metin ustunlari, deyishadi. Agar ta’bir joiz bo‘lsa, Muqaddas Beknazarovani kamolga yetkazgan oila muhiti qattiqqo‘l va mehribon ota, zukko, bilimdon, yuksak ma’naviyatli ona hamkorligida tartib berilgan o‘ziga xos tarbiya maktabi edi.

Choyko‘l qishlog‘ida oddiy mexanizator Norim og‘a bilan kimyo-biologiya fani o‘qituvchisi Enajon opaning ko‘ngil gavhari bo‘lib, 1978 yilda dunyoga kelgan Muqaddas 6 yoshga to‘lar-to‘lmay, onasi ishlaydigan 22-maktabning 1-sinfiga o‘qishga borganida u alifbeni hijjalab o‘qishni bilar, son-larni yoddan qo‘shib-ayirish qobiliyatiga ega zukko qizaloq edi. U o‘z tengdoshlaridan oldin, 16 yoshida umumta’lim maktabini, 1999 yilda – 20 yoshida NDPIning rus tili va adabiyot fakultetini muvaffaqiyatli tugatdi.

Tabiatan tirishqoq, intiluvchan bo‘lgan Muqaddas ilk pedagogik faoliyatini 40-sonli maktabda qoraqalpoq tili fani o‘qituvchisi bo‘lib ishlashdan boshladi. Keyinchalik 1999 yildan 2017 yilgacha mazkur maktabda o‘quvchi-yoshlarga rus tili fanidan saboq berdi, bir vaqtning o‘zida, 13 yil davomida maktab direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritdi.

Barcha davrlarda ham bilimdon, tashabbuskor va ishchan kadrlar o‘z salohiyati bilan el-yurt e’tirofiga sazovor bo‘lgan va bunday insonlar hamisha qadrlangan.

M.Beknazarova ham tashabbuskor va ishchan kadr sifatida tuman rahbariyati tomonidan e’tirof etilib, bir necha yillar davomida fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Amudaryo tuman Kengashi raisining diniy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari, O‘zLiDeP tuman Kengashi apparat rahbari, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari – tuman hokimining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimlarida faoliyat yuritdi.

Ayni paytda Farovon mahallasida hokim yordamchisi lavozimida faoliyat yuritayotgan M.Beknazarova deyarli har kuni xalq orasida, aholi hayotidagi yechimini kutayotgan muammolarni joyida hal etish, murakkab masalalar bo‘yicha tegishli tashkilotlar bilan bamaslahat, hamkorlikda ish yuritish maqsadida doimiy

harakatda.

MFY raisi, yoshlar yetakchisi va xotin-qizlar faoli bilan hamkorlikda hudud aholisi bilan yaqindan tanishib, mahalla aholisini qiynab kelayotgan muammolarni bartaraf etishga jiddiy kirishgan M.Beknazarova qisqa fursat ichida aholi bandligini ta’minlashga qaratilgan keng qamrovli ishlarni amalga oshirdi. Mahalla hududida yangidan issiqxonalar, tozalangan ichimlik suv shoxobchasi tashkil etilib, Farovon va Yakkatut ko‘chalarining 1,7 km. qismiga shag‘al yotqizildi, mahalla hududidagi uzunligi 10 metr bo‘lgan ko‘prikning himoya qismi homiylik va hashar yo‘li bilan qurib-ta’mirlandi. “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida "Mahalla bog‘i" tashkil etilib, tashlandiq hudud obodonlashtirildi. Shu yilning o‘zida hokim yordamchisining tashabbusi va ko‘magi bilan texnika va texnologiya asbob-uskunalariga xizmat ko‘rsatish, tikuvchilik va boshqa tadbirkorlik yo‘nalishlari tashkil etilib, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” ro‘yxatlariga  kiritilgan oilalar a’zolarining doimiy ish bilan bandligi ta’minlandi.

“Temir daftar” ro‘yxatiga kiritilgan fuqaro M.Kamolovga “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi hisobidan yangidan turar joy qurib berildi. “Ayollar daftari”ning 3-toifasida ro‘yxatda turuvchi F.Allaberganova va R.Fozilbekovalarning uyi sifatli ta’mirdan chiqarildi. Shuningdek, 13 nafar ishsiz fuqarolarga dehqon xo‘jaligi yuritishlari uchun sharoit yaratilib, 2,5 gektar yer ajratib berilishiga ko‘maklashildi. Tikuvchilik yo‘nalishida o‘z tadbirkorligini boshlash istagida bo‘lgan ayol-qizlar o‘qitildi va shaxsan hokim yordamchisining tashabbusi bilan ularga subsidiyalar ajratilib, tikuv mashinalari olib berildi.

Yaqinda mahallada YATT “Xudoyberganova Gulfiya Gulmirzayevna” oilaviy bolalar bog‘chasini tashkil etdi.

Jami 407 mln. so‘mlik mazkur loyihani amalga oshirishda tadbirkorning 250 mln. so‘mlik o‘z mablag‘iga qo‘shimcha ravishda hokim yordamchisining ko‘magi bilan 157 mln. so‘mlik bank krediti ham yo‘naltirildi. Mazkur MTT tashkil etilishi bilan mahalladagi 5 nafar ayol-qizning doimiy bandligi ta’minlandi.

Shuningdek, 33 mln. so‘mlik imtiyozli kredit mablag‘i hisobiga tashkil etilgan “Asaloy” go‘zallik salonida ham 5 nafar ishsiz yoshlarning bandligi ta’minlandi.

Mahallada hokim yordamchisining tashabbusi va ko‘magi bilan homiylarni jalb qilgan holda kam ta’minlangan oilalarni qo‘llab-quvvatlash, ularni ijtimoiy himoyalashga alohida e’tibor qaratilmoqda. 2022 yil davomida aynan shu maqsadlar uchun 9,5 mln. so‘m mablag‘ ajratilib, 6 ta oilaga zarur oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berildi. Muqaddas mahallada hokim yordamchisi sifatida faoliyatini boshlagandan beri o‘tgan qisqa fursat ichida turli muammoli masalalar bo‘yicha 200 nafar fuqaroni qabul qilib, ularni puxta o‘rganish orqali ijobiy hal etilishiga ko‘maklashdi.

Mahalla hududi kun sayin farovonlashib, chiroy ochib bormoqda. Bu o‘zgarishlarda mahallada faoliyat olib boruvchi hokim yordamchisining munosib hissasi bor. U har kuni sevimli mahallasi ko‘chalaridan o‘tib, ishga otlanarkan, bu hududni o‘zining oilasi, mahalla ahlini esa oila a’zolari, yoshlarni o‘z farzandlari kabi yaxshi ko‘rishini dil-dilidan his etadi. Umr yo‘ldoshi Oybek Yo‘ldoshev bilan mehr ko‘shkida ulg‘aytirayotgan o‘g‘illari Asadbek, Avazbek va Azizbeklarning kelajak orzularini jonajon mahallasi va sevimli xalqining yorug‘ niyatlari bilan mushtarak tasavvur qiladi.

M.Beknazarova uchun xalqqa xizmat qilish, ularning orzu-umidlari ro‘yobi uchun intilib yashash – oilasi, mahallasi va demakki, aziz Vatani uchun munosib xizmat qilish, xalq ishonchiga sazovor bo‘lish sari ezgu qadamdir. Ishonch esa jamiki ezgu ishlarga qanot, inson uchun eng katta ma’naviy rag‘bat.

 

Robiya YO‘LDOSHЕVA.