Tibbiyot sohasidagi ustuvor vazifalar belgilandi

Туман янгиликлари

Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2022 yil 20 dekabr kuni O‘zbekiston xalqiga murojaatnoma yo‘lladilar. Murojaatnomada 2022 yilda har bir jabhada erishilgan muvaffaqiyatlar sarhisob qilinib, 2023 yilga mo‘ljallangan ustuvor vazifalar belgilandi. Davlatimiz rahbari poyoniga yetgan 2022 yil xalqimiz hayotida g‘oyat murakkab va sinovli yil bo‘lsa ham yurtmizda keng ko‘lamli va samarali islohotlar amalga oshirilganini va bu fuqarolarimiz hayotida o‘zining ijobiy aksini topganligini ta’kidladi. Muhtaram Prezidentimiz amalga oshirilayotgan bunday ijobiy o‘zgarishlar faqatgina insonlarning yaxshi yashashi va farovon hayot kechirishi uchunligini aytib 2023 yilga “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”, deb nom berishni taklif qildilar. Sababi, O‘zbekistonda olib borilayotgan davlat siyosatining markazida inson va uning manfaatlarini ta’minlash ustuvor vazifa etib belgilangan. Albatta, bu siyosat bir yil bilan cheklanib qolmasdan uzluksiz davom etadi. Joriy 2023 yilda xalqimiz sog‘lig‘ini saqlash uchun barcha tibbiy xizmatlar eng chekka tuman va mahallalar darajasigacha tushiriladi. Avvalo, bepul tibbiy yordamning kafolatlangan hajmi qonun bilan belgilanadi. Ajratilayotgan mablag‘lar har bir bemorga yetib borishi uchun davlat tibbiy sug‘urtasiga o‘tish tezlashtiriladi.
Shuningdek, mazkur yil davomida qo‘shimcha 140 ta oilaviy shifokorlik punkti va poliklinikalari, 520 ta olis va chekka mahallada ixcham tibbiyot punktlari tashkil etiladi. Shu bilan birga, onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish bo‘yicha uch yillik katta dastur amalga oshiriladi. Barcha tug‘ruq komplekslari to‘liq ta’mirlanadi va jihozlanadi, o‘rinlar soni 35 foizga ko‘paytiriladi.
Har bir soha va yo‘nalishlarda amalga oshiriladigan bu kabi islohotlar yurtimizda inson qadri har narsadan ustun ekanligining yorqin isbotidir.


Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati
Zumrad Bekatova.