Mas’ullar tomonidan Amudaryo tumanida aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifati o‘rganildi

Туман янгиликлари

Mamlakatimizda xotin-qizlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularning iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy faolligini oshirish, sog‘ligini saqlash, kasbga o‘qitish va bandligini ta’minlash, tadbirkorlikka keng jalb etish, ehtiyojmand xotin-qizlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, gender tenglikni ta’minlash borasida islohotlar tizimli ravishda amalga oshirilmoqda.

7 yanvar kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi o‘rinbosari − Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Maryam Ahmedova, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirining onalik va bolalikni muhofaza qilish bo‘yicha o‘rinbosari Akmal Asqarovlar Amudaryo tumaniga tashrif buyurishdi.

Tashrif davomida mehmonlar tuman hokimi o‘rinbosari Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Go‘zal Saburova hamda tuman hokimi o‘rinbosari Mahmud Shermetovlar hamrohligida tuman tibbiyot birlashmasining tug‘ruq bo‘limida bo‘lishdi. Tuman tibbiyot birlashmasi bosh shifokori Faxriddin Abdullayev tug‘ruq bo‘limida yosh onalar va go‘daklar uchun yaratilgan sharoitlar bilan mas’ullarni yaqindan tanishtirdi.

Mehmonlar erta tug‘ruq va yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikohning oldini olish, istalmagan homiladorlik masalalarida olib borilgan targ‘ibot ishlari bilan tanishib, onalar va bolalarning sifatli tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, ularga ixtisoslashgan va yuqori texnologik tibbiy yordam ko‘rsatish, reproduktiv salomatlikni saqlash, go‘daklar o‘limining oldini olishga qaratilgan qator qonunlar, Prezident farmon va qarorlari ijrosi doirasida amalga oshirilgan ishlarni muhokama qildilar.

Shundan so‘ng, tuman ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikadagi sharoitlar ko‘zdan kechirildi. Shifokor va hamshiralar bilan suhbat qurildi. Muloqot davomida aholining tibbiy madaniyatini oshirish, kasalliklarning oldini olish masalalari haqida so‘z yuritildi. Aholini dori bilan emas, profilaktika bilan sog‘lomlashtirish zarurligi ta’kidlandi. Shuningdek, odamlarning o‘z sog‘lig‘iga e’tiborini kuchaytirish, skrining tekshiruvlarini muntazam o‘tkazib borish kerakligi aytib o‘tildi.

Tashrif davomida mehmonlar Xitoy ovuli hududidagi 6-sonli Qishloq oilaviy poliklinikasiga ham tashrif byurdilar. Shifokor va hamshiralar hamda birlamchi tibbiy xizmatdan foydalanish uchun kelgan bemorlar bilan suhbatlashish asnosida sohadagi kamchilik va takliflar o‘rganildi.

Shundan so‘ng Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi o‘rinbosari − Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Maryam Ahmedova Bo‘z yop ovul fuqarolar yig‘ini binosida mahalla raisi, hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli, yoshlar yetakchisi bilan uchrashdi. Uchrashuvda o‘tgan 2022 yil davomida xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, bandligini ta’minlash maqsadida amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilindi.

Undan tashqari, malakali tibbiy xizmatlarning har bir oilaga kirib borishini ta’minlash, bunda ehtiyojmand insonlarga alohida yondashish kerakligi ta’kidlandi hamda mahalladagi tibbiyot konteyneri ko‘zdan kechirildi.

Tuman markazidan olisda joylashgan Bo‘z yop mahallasida tashkil etilgan konteyner tibbiy uskunalar, internet, zamonaviy aloqa vositalari, dori-darmonlar bilan jihozlangani aholining uzog‘ini yaqin qilib, chekka hududlar aholisiga ham sifatli tibbiy xizmatdan foydalanish imkonini bermoqda.

Tashrif davomida Maryam Ahmedova Bo‘z yop mahallasida istiqomat qiluvchi “Ayollar daftari”da turuvchi 1-guruh nogironi Go‘zal Ko‘chqarovning xonadonida bo‘ldi. Go‘zal Qo‘chqarova imkoniyati cheklangan bo‘lishiga qaramasdan, tikuvchilik kasbining sir-asrorini to‘liq o‘rgandi. U xotin-qizlar faolining ko‘magi bilan kasbga o‘qitilib, maxsus sertifikatni qo‘lga kiritdi. Unga hokim yordamchisining ko‘magi bilan tikuv mashinasi olish uchun subsidiya ajratildi.

Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Maryam Ahmedova intiluvchan va tirishqoq Go‘zal Qo‘chqarovaga tikuv mashinasini topshirdi hamda kelajakda mashhur tikuvchi bo‘lib, o‘zining tadbirkorlik faoliyatini yanada kengaytirishiga tilakdoshlik bildirdi.

Mamlakatimizda ayol-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ayniqsa, ijtimoiy himoyaga muhtoj ayollarga har tomonlama ko‘mak berish maqsadida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Ularning sog‘lig‘ini saqlash, bandligini ta’minlash, ijtimoiy-iqtisodiy, psixologik yordam ko‘rsatish maqsadida amalga oshirilayotgan ijobiy ishlar samarasi o‘laroq ayol-qizlarimiz o‘zlarini jamiyatning ajralmas bo‘lagi ekanligini qalban his qilib, yurt rivoji va aholi farovonligi uchun munosib hissa qo‘shmoqdalar.

Tuman hokimligining Axborot xizmati.