Prezident Farmoni aholi va tadbirkorlarga yengilliklar yaratmoqda

Туман янгиликлари

Hududlar o‘rtasidagi iqtisodiy tengsizlikni qisqartirish, tuman va shaharlarni ularning sharoiti, salohiyati va imkoniyatlaridan kelib chiqib rivojlantirish bo‘yicha yangicha yondashuvlarni joriy etish, shuningdek, tadbirkorlik muhitini yanada yaxshilash, davlat ko‘magini berish tartibini takomillashtirish va uning samaradorligini oshirishga xizmat qiluvchi Prezident Farmoni qabul qilingan edi.

2022 yil 30 dekabrda qabul qilingan “Respublika hududlarini toifalarga ajratish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashning tabaqalashtirilgan tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi ushbu Farmonga ko‘ra endilikda Respublika tuman va shaharlari iqtisodiy ahvoli va salohiyatidan kelib chiqib, 2023 yil 1 yanvardan 5 ta toifaga ajratildi. Har uch yilda Davlat budjeti parametrlarini shakllantirish jarayonida tuman va shaharlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish holatidan kelib chiqib, Vazirlar Mahkamasi Qaroriga ko‘ra ularning toifalari o‘zgartirib boriladi.

Farmonga muvofiq tuman va shahar toifasidan kelib chiqib, tadbirkorlik subyektlariga soliq imtiyozlari, subsidiyalar ajratiladi va ularni qo‘llab-quvvatlashning boshqa choralari qo‘llaniladi.

Asosiy ko‘rsatkichlariga ko‘ra 4-toifaga kiritilgan Amudaryo tumanida ham Farmon ijrosi yuzasidan muayyan ishlar olib borilmoqda.

Ma’lumki, mazkur Farmonda 4-toifaga kirgan tumanlardagi ro‘yxatdan o‘tgan va shu hududlarda faoliyat yuritadigan tadbirkorlik subyektlari uchun aylanmadan olinadigan soliqning bazaviy stavkasi 3 foiz etib belgilanadi. Aholiga, tadbirkorlik subyektlariga oshirilgan miqdorda subsidiya ajratish yo‘lga qo‘yiladi.

Tuman markazida samarali faoliyat yuritib kelayotgan “Tamara tekstil” mas’uliyati cheklangan jamiyati yaratilayotgan buningdek imkoniyatlardan unumli foydalanishga intilmoqda. Ayni kunda korxonada tikilayotgan turli fasondagi, turli yoshdagi erkak va ayollar, bolalar kiyimlari Respublikamizning barcha hududlaridagi bozorlarda xaridorgir bo‘lmoqda.

Korxona mahsulotlari Turkiya davlatida ham sotilayotgani bu yerda ishga ijodiy yondashuv natijasida xaridorlar talab va ehtiyojlariga yarasha kiyimlar tikilayotganini ko‘rsatadi.

Yaqin kunlarda korxona rahbari Tamara Yusupova yana 50 nafar ishsiz, chevarlikka qiziqadigan ayol-qizlarni ish bilan ta’minlashni rejalashtirayapti. Buning uchun korxonaga yaratilgan yangi ishchi o‘rinlari soniga qarab, ularga faoliyat boshlashlari uchun zarur asbob-uskuna, jihozlar sotib olish uchun subsidiya ajratiladi.

Yuqoridagi Farmon bilan nafaqat tadbirkorlik subyektlariga, balki aholiga ham qator yengillik va imtiyozlar berish ko‘zda tutilgan. Qangli ovulidagi kam ta’minlangan, ishsiz 25 nafar fuqaroning hayotiga ham mazkur Farmon ijrosi quvonch olib kirdi.

Ular aholini tadbirkorlikka jalb qilish jamg‘armasi hisobidan ovuldagi hokim yordamchisi Karamaddin Eshmanov ko‘magida ishsiz fuqarolarning bandligini ta’minlash maqsadida tashkil etilgan qishloq xo‘jaligi kooperativilari ustav fondiga ulush sifatida kiritiladigan subsidiya asosida o‘z-o‘zini band qilgan fuqarolar safiga qo‘shildilar va har biriga 3 tadan echki tarqatildi.

Respublikamiz hududidagi iqtisodiy tengsizlikni qisqartirish, kam ta’minlangan oilalarni manzilli qo‘llab-quvvatlashdagi yangicha yondoshuv aholi turmushi farovonlashuviga xizmat qiladi.

Oygul RAJABOVA.